Ammo bahorning quyoshli kunlarida o’tkaziladigan marafonlar ishtirokchilardan alohida tayyorgarlik va ehtiyotkorlikni talab qilishi tabiiy. Negaki, oftob urishi va organizm suvsizlanishi kabi holatlar salomatlik uchun jiddiy xavf tug’diradi.
Shu bois quyida qator muhim tavsiyalarni taqim etamiz:
Oftob urishiga qarshi tavsiyalar:
Oftob urishi — bosh aylanishi, ko’ngil aynishi, hatto, hushdan ketishga olib kelishi mumkin. Ayni sababdan yugurish davomida engil va tabiiy matodan tikilgan kepka yoki Panama kiyish tavsiya etiladi.
Yorqin rangdagi, engil va tana yaxshi nafas oladigan sport kiyimlarini tanlang.
Ko’zlarni quyosh nuridan himoyalovchi ko’zoynakdan foydalaning!
Oftob urishidan saqlanish uchun esa maxsus kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Suvsizlanishning oldini olish bo’yicha tavsiyalar:
Yugurish paytida organizmdan katta miqdorda suv va tuzlar yo’qotiladi. Bu esa qon quyuqlashishi, charchoq va jismoniy faollik pasayishiga olib keladi.
Bu holatning oldini olish uchun yugurishdan oldin kamida 400-600 ml suv iching. Marafon davomida esa har 15-20 daqiqada suyuqlik iste’mol qilish foydali.
Yugurishdan avval va keyin vazningizni nazorat qilib, yo’qotilgan suv miqdorini to’ldiring.
Gazlangan va kofeinli ichimliklardan saqlaning.
Oftob urishi juda xavfli holat bo’lib, tez va to’g’ri birinchi yordam ko’rsatish muhim.
Bunday holatda bemorni soyaga yoki salqin joyga olib o’ting.
Tanani sovitishni boshlang. Bemorni yotqizib, boshini biroz ko’taring. Sovuq suv bilan namlangan sochiqni peshona, bo’yin, qo’ltiq va tizza ostiga qo’ying. Imkon bo’lsa, tanaga salqin suv seping.
Agar bemor hushida bo’lsa, salqin suvni oz-ozdan ichiring.
Agar kuchli bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi yoki qayt qilish, tana haroratining keskin oshishi, mushaklarda tortishish, hushdan ketish yoki holsizlik kabi alomatlar kuzatilsa, darhol yugurishni to’xtatish va shifokorga murojat qilish lozim.
Esda tuting: puxta tayyorgarlik — xavfsiz marafon garovidir!
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.